Maslahat6 daqiqa
Sayt buyurtma berishdan oldin bilishingiz kerak bo'lgan 7 ta savol
Domen kimning nomiga olinadi, kod kimga tegishli, kafolat qancha — shartnoma imzolashdan oldin so'rashingiz kerak bo'lgan savollar.
Sayt buyurtma qilish — bir marotabalik xarid emas, uzoq muddatli hamkorlik. Quyidagi yettita savolni birinchi suhbatda so'rasangiz, keyinchalik uchraydigan eng ko'p muammoning oldi olinadi. Javoblar og'zaki emas, yozma bo'lishi kerak.
1. Domen va hosting kimning nomiga olinadi?
To'g'ri javob — sizning nomingizga. Agar domen ijrochining akkauntida bo'lsa, hamkorlik tugaganda sayt ham, manzil ham garovda qoladi. Kirish ma'lumotlari sizga topshirilishini shartnomada yozing.
2. Kod va dizayn kimga tegishli?
Topshirilgandan keyin kod sizga o'tishi kerak: repozitoriy yoki arxiv sifatida. Shuni ham so'rang: sayt yopiq konstruktorda qurilyaptimi? Agar shunday bo'lsa, keyin boshqa dasturchi uni davom ettirolmaydi.
3. Kontentni o'zim tahrirlay olamanmi?
Narx, matn, rasm va yangilik qo'shish uchun har safar dasturchiga murojaat qilish — yashirin xarajat. Admin panel bormi, u qaysi bo'limlarni qamraydi, ikkinchi til ham tahrirlanadimi — aniqlashtiring.
4. Aniq muddat va bosqichlar qanday?
«Bir-ikki hafta» — muddat emas. Bosqichlar bo'lishi kerak: brief, dizayn maketi, kod, animatsiya, launch. Har bosqich oxirida natijani ko'rasiz. Muddat buzilsa nima bo'ladi — shu ham yozilsin.
5. Kafolat va topshirishdan keyingi qo'llab-quvvatlash
Odatiy shart: paketga qarab 30-90 kun texnik kafolat — xatolar bepul tuzatiladi. Kafolat nima qamraydi va nima qamramaydi (yangi funksiya kafolat emas) — oldindan ajratib qo'yilsin.
6. Tezlik, mobil va SEO asoslari kiradimi?
Mobil moslashuv, 90+ PageSpeed, title/description, sitemap, Search Console — bular qo'shimcha xizmat emas, minimal talab. Yozma taklifda shu punktlar borligini tekshiring.
7. To'lov shartlari va shartnoma
Sog'lom amaliyot: 50% boshida, 50% topshirishda, shartnoma asosida. 100% oldindan to'lov ham, 100% keyin to'lov ham ikki tomon uchun xavf. Shartnomada ish qamrovi (nima kiradi, nima kirmaydi) alohida ro'yxat bo'lsin.
Bonus: bitta yomon signal
Agar ijrochi brief o'tkazmasdan darhol narx aytsa — u sizning biznesingizni emas, shablonni sotayotgan bo'ladi. Yaxshi loyiha savollardan boshlanadi, narxdan emas.
“Yozilmagan shart — mavjud emas. Og'zaki kelishuvlar loyihaning oxirgi haftasida unutiladi.
Loyihangizni gaplashamizmi?
Brief 10 daqiqa oladi. 24 soat ichida taklif va aniq muddat bilan javob beraman.